2-may kuni ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov va China CAMC Engineering kompaniyasi raisi Van Bo o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deb xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Muloqotda Aziz Abduhakimov mehmonlarga O‘zbekistonda qulay investitsiya muhitini yaratish va investitsiya jozibadorligini oshirish borasida chora-tadbirlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

O‘z navbatida, Xitoy tomoni chiqindilarni boshqarish tizimini takomillashtirish va atrof-muhitni muhofaza qilish sanoatini rivojlantirish bo‘yicha rejalar potensial hamkorlar va investorlar uchun aniq belgilab berilganini qayd etdi.

Uchrashuvda Ekologiya vazirligi va Xitoyning China CAMC Engineering Co., Ltd kompaniyasi o‘rtasida chiqindilarni yoqish elektr stansiyasi loyihasi bo‘yicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekistondagi chiqindilar bilan bog‘liq ishlarni o‘rganish va tashkil etish hamda respublika rahbariyatiga taqdim etish uchun zavodning dastlabki loyihasini ishlab chiqish maqsadida Xitoydan ekspert guruhini yuborish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.

Bundan tashqari, ekoturizm sohasida hamkorlik qilish va Samarqand viloyatining tog‘li hududlarida yangi kanat yo‘lini qurish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.

Uchrashuvdan so‘ng mehmonlarni havo sifati monitoringi va ekologik qoidabuzarliklarga javob berishning onlayn tizimi hamda chiqindilarni yig‘ish va tashish uskunalarini kuzatish tizimi bilan tanishtirish maqsadida vazirlikning Dispetcherlik va onlayn monitoring markaziga tashrif uyushtirildi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston chiqindi poligonlarini investitsiyalar kiritishga jozibador qilish uchun ularning bufer hududlariga maxsus iqtisodiy zonalar rejimini joriy etishni rejalashtirgan. Chiqindilarni yoqish orqali elektr energiyasi hamda organik usulda o‘g‘itlar ishlab chiqarish korxonalarini tashkil etish bo‘yicha yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi. Ushbu yangi tizim bo‘yicha birinchi pilot loyiha Andijon viloyatida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan edi.